Ko‘ngilni g‘ashlama, yurak tig‘lama.
Balki, yig‘la, ummat, ojizligingga,
Bo‘zla, insoniyat, nochizligingga.
Inson huquqidan so‘z ochma, bashar,
Loaqal jim turgin, insonsan, agar.
Nifoqu yolg‘onga to‘lgan, ey olam,
Bir nafas sukut qil, so‘zlayin men ham.
Dunyoga kelgandim, ko‘p vaqt bo‘lmadi,
Balog‘atga hali yoshim to‘lmadi.
Ota-onam bilan yashardim sokin,
Sevardim, o‘pardim vatanim xokin.
Men o‘ynab yurgandim mutlaq beozor,
Hech kimga ko‘nglimda yo‘q edi g‘ubor.
O‘zgalar oyog‘i bosh bo‘lmish bizga,
O‘z qo‘limiz yetmas hattoki tizga.
Aybimiz – qo‘rqarmish bizdan
qo‘shnimiz,
Semizroq ekandir yana qo‘zimiz.
Banogoh uyimni tutdi bir olov,
O‘tinlar xo‘p yonar, ko‘rinmas kosov.
Bir-birin o‘mardi qadim qardoshlar,
Qo‘l-oyoq uzildi, kesildi boshlar.
Boshlarda aql yo‘q, ko‘z ko‘r, til soqov,
Qo‘l-oyoq xiyorsiz, bir-biriga yov.
Men olovdan qochib, cho‘kdim
dengizga,
Dunyoni tark etdim, odamlar, sizga.
Dengiz ham vujudim yuta olmadi,
Dardimni ummon ham ko‘tarolmadi.
Suvining sho‘rligi ko‘zim yoshidan,
To‘lqinlar yuragim yutgan toshidan.
Bugun men yotibman sohilda sokin,
Yuzlarim o‘parmish o‘zga yurt xokin.
Ko‘z yoshimni dengiz yuvib yotibdi,
Boshimni to‘lqinlar silab yotibdi.
Mayli, jonsiz tanam ko‘rsin ham dunyo,
Vijdonsiz nigohlar tushmasin ammo.
Boshim silamasin, qilurman hazar,
Zolimga uzalgan qo‘l bo‘lsa agar.
Sovugan jasadim o‘pmangiz, zinhor,
Haqqa ochilmagan labdan etgum or.
Boqmang kimligimga, sabab so‘ramang,
Bir inson farzandi inson deb qarang.
Hali, ey insonlar, berasiz javob,
Murg‘ak bu jonimdan so‘ralur hisob.
Demangiz cho‘kmishdir jajji bir badan,
Islomiy hamiyat, insonlik cho‘kkan.
Jonim olib qochdim, borganim ajal,
Qorningiz to‘qlikdan yorilgan mahal.
Menku jannat sari uchdim qush bo‘lib,
Qardoshlarim asrang, ketmasin o‘lib.
Otam Ibrohimga yetishdim omon,
Sizlarni kutmasin Fir’avnu Homon.
Ko‘zni oching, qayting o‘zlingizga,
Bo‘ldi, rasm chizmang ko‘zligingizga.
Musulmon musulmon zulmidan qochsa,
O‘zgalar unga o‘z eshigin ochsa,
Arablar eshigin qoqmasa arab,
O‘zga ostonada tursa mo‘ltirab,
Ey Ummat, hayotdan kechganing yaxshi,
Dengizlarga cho‘kib ketganing yaxshi!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев