Alloh taoloning: "Ularning ko‘ngillaridan (bir-birlariga nisbatan bo‘lgan) g‘illu g‘ashliklarni tortib olurmiz" (A’rof, 43), oyati xususida Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Jannat ahli jannatga kirganda birinchi bo‘lib, ularga ikkita buloq ko‘rsa-tiladi. Uning bittasidan ichadilar, bas, Alloh taolo ularning qalbidagi barcha g‘illu g‘ashliklarni ketkazadi. So‘ng ikkinchi buloqqa tushib, unda cho‘miladilar, bas, ranglari yarqirab, yuzlari soflashadi va ularda ne’matlar jilvasi ko‘rinadi".
Ali roziyallohu anhu Alloh taoloning: "Va Parvardigorlari ularni nihoyatda pokiza sharobla sug‘organdir" (Inson, 21), oyati haqida shunday deydilar: "Jannat ahli jan-natga yo‘l olganlarida, ostidan ikkita chashma oqib turgan daraxt oldidan o‘tadilar. U chashmaning biridan ichadilar, bas, ularda ne’mat jilvasi tovlanadi va bundan keyin hech qachon terilari o‘zgarmaydi, sochlari to‘zimaydi. So‘ng ikkinchisidan ichadilar, bas, ularning qorinlaridagi barcha aziyatdan iborat narsa chiqarib tashlanadi. Keyin ularnn jannat qo‘riqchilari: "Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga kirib, mangu qolingiz" deya kutib oladilar".
Ibn Muborak zikr qilishicha, Ali roziyallohu anhu: "Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa, to‘p-to‘p holda (jannatga) kelib yetganlarida..." (Zumar, 73) oyatini uch marta tilovat qildilar va: "Yetganlarida jannat darvozasi oldida ostidan ikki chashma oqib turgan daraxtni ko‘radilar. Ularning biriga xuddi buyurilgandek boradilar va unda cho‘miladilar. Shundan so‘ng ularning sochlari hech qachon to‘zimaydi va terilari o‘zgarmaydi, xuddi yog‘ bilan yog‘langandek muloyim bo‘ladi. So‘ng ikkinchisiga boradilar, undan ichadilar va ularning qorinlari pok bo‘lib, ichkaridagi barcha iflosliklar yuvib tashlanadi. Ularni jannat darvozalarining har birida farishtalar: "Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga kirib, mangu qolingiz'', deb peshvoz chiqadilar. So‘ng ularni yosh xizmatchilar kutib olib, xuddi dunyoda uzoqdan kelgan mehmonlarni aylantirgani kabi, sayr ettirib: "Ey Falonchi! Xursand bo‘l! Alloh senga mana bularni tayyorlab qo‘ydi", deydi. So‘ng ulardan bir bola xotinlarining oldiga borib: "Dunyoda ismi falonchi bo‘lgan falonchi keldi", deydi. Xotini undan: "Uni ko‘rdingmi?" deb so‘raydi, hursandligidan hayajonlanib ketadi va eshik ostonasida kutib turadi. So‘ng keladi va uylar yashil, sariq, qizil va hokazo turli rangdaga dur toshlardan qurilganini ko‘radi. So‘ng o‘tirib tomosha qiladi, gilamlar to‘shalgan, buloq bo‘yida qadahlar terib qo‘yilgan, yostiqlar tizilgan bo‘ladi. So‘ng binoning shiftiga qaraydi, agar Alloh taolo taqdir qilmaganida, uning ko‘zi, albatta, ko‘r bo‘lardi, chunki shift chaqmoq misolidir. So‘ng Alloh taolo bizga xabar berganidek "Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan zot — Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida, hargiz yo‘l topa olmas edik" (A’rof, 43), deydilar".
Qitbiy "Uyunul axbor" nomli kitobida Ali roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan Alloh taoloning: "Biz taqvodor zotlarni otliq hollarida Rahmon dargohiga to‘playdigan kunni (eslang)" (Maryam, 85), oyatidagi "Otliq"dan murod nima?" deb so‘radim. U zot: "Otliq hollarida to‘planadilar", dedilar. So‘ng "Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ular qabrdan chiqsalar, ustlarida oltindan bo‘lgan egarlar, turli-tuman gavharlardan bo‘lgan bezaklar tizilgan tuyaga minadilar, tuya ularni jannat darvozasi oldiga olib boradi. Jannat darvozasi oldida bir daraxt bor, uning tagidan ikki buloq chiqib turadi. Ularning biridan ichadilar. Ichganlari qorinlariga yetgach, Alloh ularni dunyodagi kirlik va axlatdan pok qiladi. Bu Alloh taoloning: "Parvardigorlari ularni nihoyatda pokiza sharobla sug‘organdir", degan so‘zidir. So‘ng ikkinchi buloqda cho‘miladilar, shundan keyin, ularning boshlari to‘zi-maydi, ranglari o‘zgarmaydi. So‘ng jannat darvozasining halqasini qoqadilar. Agar xaloyiq uning jarangini eshitsa, albatta, aqldan ozadi. So‘ng darhol Rizvon ismli farishta ularga eshikni ochadi. Ular uning go‘zal yuziga qarab, tiz cho‘kadilar. Rizvon ularga: "Ey Allohning do‘stlari, men sizlarga vakil qilinganman", deydi va ularni kumushdan bo‘lgan qasrlarga olib boradi, u qasrning ayvonlari oltindan bo‘lib, nurliligi, nozikligi va go‘zalligidan ichkarisi tashqarisidan, tashqarisi ichkarisidan ko‘rinib turadi. Shunda Alloh do‘stlari: "Ey Rizvon, bular kimniki?" deb so‘raydilar. Rizvon: "Sizlar uchun", deydi. Shunda, agar jannat ahlidan o‘lim ko‘tarilmaganida, ularning ko‘pchiligi shoddikdan o‘lgan bo‘lur edi. So‘ng ulardan biri qasrga kirishni xohlaydi. Rizvon unga: "Menga ergash, Alloh taolo sen uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarni ko‘rsataman", deydi. Keyin unga qasrlarni, chodirlarni va boshqa narsalarni ko‘rsatadi. So‘ng uni yoqutdan bo‘lgan bolaxonaga keltiradi. U bolaxonaning pastidan yuqorisigacha yuz ziro’ bo‘lib, dur va yoqutlar turli-tuman ranglarda tovlanib turadi. Bolaxonada so‘ri bor, uzunligi va kengligi bir farsax, ustma-ust taxtlangan to‘shaklar uning ustida. Bu hol Alloh taoloning: "Baland ko‘tarilgan ko‘rpachalar (usti)dadirlar" (Voqea, 34), degan so‘zidir. To‘shaklar ham, so‘ri ham nurdan. Alloh do‘stining boshida toj bo‘ladi, unda yetmish bo‘lak bo‘lib, har bo‘lagida nur sochib turgan yetmishta yoqut bor. Darhaqiqat, Alloh uning yuzini to‘lin oydek qilgan. Va unda nurdan yarqirab turgan uzun zanjirlar bor. Unda uchta — oltindan, kumushdan va durdan bo‘lgan bilaguzuk taqilgan. Bu Alloh taoloning: "Ular u joyda oltindan bo‘lgan bilaguzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir-ipak bo‘lur" (Haj, 23), degan oyatiga muvofiqdir", dedilar.
Alloh taoloning: "(U diyor) abadiy turiladigan jannatlar bo‘lib..." (Ra’d, 23) oyati haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Jannatlar yettita: dorul-jalol (ulug‘lik diyori); dorus-salom (tinchlik diyori); jannatu adn (mangu jannat); jannatul-ma’vo (ma’vo jannati); jannatul-xuld (abadiy jannat); jannatul-firdavs; jannatun-na’im".
"Jannatlar to‘rtta", ham deyilgan. Chunki Alloh taolo: "Parvardigori (huzurida) turishdan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 46), deb ortidan: "U ikki (jannatdan) quyiroqda ikki jannat bordir" (Rahmon, 62), dedi.
Bu to‘rtta jannatdan boshqa beshinchi jannatni jannatul-ma’voni ham zikr qilganku, deyilsa: "Ma’vo jannati barcha jannatlarning umumiy nomidir", deyiladi. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zi dalolat qiladi:
"Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun qilib o‘tgan amallari sababli jannat ma’volari manzil bo‘lur" (Sajda, 19).
"Jannat" lafzi ismi jinsdir. Shuning uchun ba’zan "jannat", ba’zan "jannatlar", deb aytiladi. "Adn jannati" ham shunday. Chunki "adn" mangu degani, hamma jannat ham mangudir. Xuddi shuningdek, "ma’vo" ham, u boshpana, joy, degani, hamma jannatlar ham mo‘minlar uchun joydir. "Dorus-salom" va "dorul-xuld" ham shunday, barcha jannat tinchlik-omonlik va abadiylik diyoridir. Shuningdek,. "jannatun-na’im" ham, chunki hamma jannat turli ne’matlarga to‘la. Bu hakda Halimiy "Minhojuddin" kitobida zikr qilib aytganki: "Biz Adn, Ma’vo, Na’imlarni alohida-alohida jannat demaymiz, chunki Alloh uning nomlarini bir joyda bitta jannat uchun zikr qilgan bo‘lsa, boshqa joyda barcha jannatlarni shu nom bilan zikr qilgan. Shundan bilamizki, bu nomlar jannatlarni bir-biridan ajratish uchun emas, balki barcha jannatlar uchundir. Ayniqsa, Alloh taolo son bilan zikr qildi va uni to‘rttadan oshirmadi. Va bu jannatlarga darvozalar ham qildi va darvozalarni ochiq holda deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Jannat darvozalari sakkiztadir", deganlar. Ehtimol, to‘rtta jannat-ning har birida ikkitadan darvozasi bordir. Shuningdek, jannat ahlini sifatladi va sifatlayotganda ularni ikki sinfga ajratdi: biri — muqarrab-peshqadamlar; ikkinchisi — o‘ng tomon egalari. Va bizlarga bildirdiki, peshqadamlar yuqoridagi ikki oliy jannat egalari, o‘ng tomon egalari esa, u ikki jannatdan quyiroqdagi ikki jannat egalaridir". Bu haqda rivoyatlar kelgan.
Said ibn Jubayr Ibn Abbos roziyallohu anhudan: "Parvardigor huzurida (turishdan) qo‘rqqan zotlar uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 42), oyatidan to "U ikki (jannat)dan quyiroqda ikki jannat bordir" (Rahmon, 62), oyatigacha bo‘lgan oyatlar haqida shunday rivoyat qiladi: "Avvalgi ikki jannat muqarrablar uchun, keyingi ikki jannat o‘ng tomon egalari uchundir". Abu Muso Ash’ariydan ham shunga o‘xshashi rivoyat qilingan.
Alloh taoloning: "Ular u joyda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezanurlar..." (Haj, 23), oyati haqida mufassirlar aytadilar: "Jannat ahlidan biror kimsa yo‘qki oltindan, marvariddan, kumushdan bo‘lgan uchta bilakuzuk bo‘lmasa. Bu yerda "oltindan va marvariddan" deyildi, boshqa oyatda: "...Ular kumush bilakuzuklar bilan bezangandirlar" (Inson, 21), deyilgan.
Sahih hadislarning birida: "Mo‘minnning bezagi tahorat yetgan joygacha yetadi", deyilgan".
Mufassirlar: "Podshohlar dunyoda bilakuzuk va tojlarni kiyar ekan, Alloh taolo jannat ahliga ham ularni kiydiradi, zero, ular jannatda podshohdirlar", deydilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Mo‘minning jannatdagi hovlisi yaxlit durdan o‘yib yasalgan bo‘lib, unda qirqta uy mavjud, o‘rtasida daraxt bor, undan zeb-ziynatlar o‘sadi. U barmog‘i bilan marvarid, zabarjad va marjondan tizilgan kiyim-kechaklardan yetmishtasini oladi".
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: "Eshitishimcha, Allohning do‘sti ikki tarafli kiyim kiyadi. Kiyimning ikki tarafi chiroyli ovozda bir-birlari ila gaplashadi. Jasadga tegib turgan tarafi: "Allohning do‘stiga men mukarramroqman, chunki men uning badanini ushlayapman, sen esa tega olmaysan", deydi. Tashqarisi shunda aytadi: "Allohning do‘stiga men mukarramroqman, chunki men uning yuzini ko‘rib turibman, sen esa ko‘ra olmaysan", deydi".
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев