Yuzim silamoqda sohir shabboda,
Mayin shabbodalar seni eslatar.
Men ham bir vayrona vayron dunyoda-
Ganchkor koshonalar seni eslatar.
Shivirlab mahzun kuy boshlaydi oqshom,
Kuylabon dilimni g'ashlaydi oqshom,
Meni ming azobga tashlaydi oqshom-
Sehrli nolalar seni eslatar.
Ajib o'yin boshlab jannat hurlari,
Ko'ksimga yog'dirar oyning nurlarin,
Yonarman, oy yog'du sochgani sari-
Yog'duli tolalar seni eslatar.
Seni eslatadi yomg'irlar isi,
Nafis tomchilarning marvarid tizi,
Yuragimga ko'chib kamalak izi,
Nurli favvoralar seni eslatar.
Dardlarim har lahza yangidan-yangi,
Izlayman, yo'qdayin qayg'uning so'nggi,
Sog'inch bu-dahshatli tushlarim o'ngi,
Sirli afsonalar seni eslatar.
Iftixor Xonxo'jayev
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев