O'g'lini sog'inib yig'lardi ona,
Eshik taqilladi yarim kechada.
Bir yarador askar ko'kragi qonab,
Hushsiz yotar edi loyloq ko'chada.
Ona o'z o'g'liday qaradi unga,
Askar tez orada hushiga keldi.
Go'yo bu on ko'ngli yarim onaning,
Farzandi tirilib qoshiga keldi.
Ona xursand edi, baxtiyor edi,
Go'yo aylanardi dunyo teskari.
Faqat ko'zlariga termulgan payti,
Bildiki, bu yigit dushman askari.
Askar uy to'rida osig'liq turgan
Suratni ko'rdi-yu darhol tanidi.
O'q tekkanday bo'ldi ko'ksiga birdan,
Axir, bu yigitni u otgan edi.
Xuddi tig' botardi har bir joyiga,
Bo'g'ziga tiqilib qolgandi yig'i.
Og'rinib tiz cho'kdi ona poyiga,
Kechiring, dedi u bor kuchin yig'ib.
Bu on u kimligin bilgan onaning,
Yuragidan nelar o'tayotgandir.
Faqat shu so'zlarni ayta oldiki:
-Bor bolam, onang zor kutayotgandir.
Iftixor Xonxo'jayev
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев