Ko'ngli oqqa belanib Usmon
Sochiga oq tushmasdan ketdi.
VALISHER VOHIDOV.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Ozroq savol-javob qilishar ekan.
Kerakmas, sumkamga yegulik solma,
Tekshirib qolishsa kulishar ekan.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Ozgina o'tirsam javob berarkan.
Siqilma, bu yerning azobi holva,
Faqat sog'inch yomon azob berarkan.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Kim ham yovlashar bir oddiy shoirga.
Ammo ko'rib kelay endi bir yo'la,
Yo'llanma berishdi bugun Sibirga.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Yig'lama, yuragim to'xtab qoladi.
Azroil ololmay yongan jonimni,
Sening ko'zlaringning yoshi oladi.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Axir taqdir shuni yuzlagan ekan.
Ajab, to'rtta fasli muz bu o'lkada
Insonlar qalbi ham muzlagan ekan.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Sog'indim yuragi otash elimni.
Ularga o'qib ber muzlar bag'rida
Otash qalbim bilan yozgan she'rimni.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Bevafo itlarning hurmog'i uchun.
Roziydim ming bora jonim berishga
Yurtimning bir siqim tuprog'i uchun.
Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Ajal so'nggi yo'lga jonni hozirlar.
Ammo sen yig'lama, Onajon, hali,
Tug'iladi qancha Usmon Nosirlar.
Ona, men qaytaman, xavotir olma!
Iftixor Xonxo'jayev
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1
Endi qah-qah otib kulaman.
O'sha malla fashistni ko'zlab,
Qasos uchun USMON bo'laman.