Toshkent, «Movarounnahr»
MUQADDIMA
Bismillahir rohmanir rohiym.
Olamlar Parvardigoriga hamdlar, Uning rasuli Muhammadga va u kishining oila a'zolari hamda sahobalariga durudu salovotlar bo'lsin.
Ming afsuski, XXI asr insoniyat uchun og'ir sinovlar bilan boshlandi. Go'yoki, Islom diniga daxldor bo'lgan bir guruh kimsalar tomonidan amalga oshirilgan xurujlar oqibatida bir necha ming begunoh insonlar dahshatli tarzda bevaqt olamdan o'tdi. AQSh, Filippin, Indoneziya va Yaqin Sharq erlarida xunrezliklar muqaddas Islom dinimiz nomidan hamon davom ettirilmoqda. E'tiboringizga taqdim qilinayotgan mazkur mo''jaz kitobcha ana shu va boshqa qator dolzarb masalalarga Allohning kalomi – Qur'oni majid hamda Payg'ambarning (s.a.v.) hadisi shariflaridan kelib chiqqan holda oydinlik kiritish yo'lida kamtarona urinishdir.
Biz musulmonlar 2001 yil 11 sentabrda Amerika Qo'shma Shtatlarining ikki asosiy shahrida sodir etilgan va minglab begunoh odamlarning halokatiga hamda azob-uqubatiga sababchi bo'lgan vahshiyona va g'ayriinsoniy terrorchilik harakatlarini keskin qoralaymiz. Amerika xalqiga o'zimizning samimiy hamdardligimizni izhor etamiz.
Ushbu kun dunyodagi barcha kishilarga terrorning haqiqiy manbai nima ekanligini ochiq - oydin ko'rsatdi. Jahondagi ko'plab mamlakatlarning rahbarlari, yirik ommaviy axborot agentliklari, televidenie va radio fojiali voqealarga bag'ishlangan chiqishlari hamda dasturlarida Islom dinining ta'limoti boshqa barcha ilohiy dinlar kabi zo'ravonlik va bosim o'tkazishning har qanday shakllarini taqiqlashini, kishilar va xalqlar o'rtasida ezgulik, bag'rikenglik va tinchlikni targ'ib etishini ko'p martalab tushuntirishdi. Islomning asl mohiyatini va Alloh tomonidan Qur'oni karim orqali tushirilgan vahiy - ko'rsatmalarni chuqur biladigan G'arbdagi barcha atoqli islomshunos mutaxassislar: «Islom» va «terror» so'zlari yonma-yon ishlatilishi mumkin emas, birorta ilohiy din har qanday zo'ravonlik va zulmni oqlamaydi va rag'batlantirmaydi», deb ta'kidladilar. Butun dunyo tinchlik va mehribonlik dini bo'lgan, odamlarga rahm-shafqatli va adolatli bo'lishni, muhabbat va birodarlikni buyuradigan Islom dini to'g'risidagi haqiqatni tushunib yetdi.
Mazkur kitob tarkibiga birorta ham samoviy din, ya'ni, na Islom, na nasroniylik, na yahudiylik terrorning shafqatsizlarcha ko'rinishiga manba bo'lishini isbotlovchi juda ko'p tarixiy dalillar kiritildi. Bu haqiqat Alloh taolo tomonidan insoniyatga yuborilgan va Islom ta'limotining asosi bo'lgan Qur'oni karimda ochiq-oydin ochib berilgan. Insoniyat tarixi jarayonida terrorchilar tomonidan o'ylab chiqarilgan, na diniy va na hayotiy haqiqatga mos “g'oyalar” yo'lida olib borilgan, yuz minglab mutlaqo begunoh odamlarning hayotiga zomin bo'lgan juda ko'p fojeali hodisalarni boshidan kechirdi. Alamut qotillari, Inkvizatsiya rahbarlari, diniy urushlarni va qirg'inlarni keltirib chiqarganlar, turli toifadagi “inqilobchilar”, kommunistik va fashistik guruhlar, «Islom» niqobi ostida faoliyat yuritib, aslida terrorchilik, nohaq qon to'kish bilan shug'ullana±tgan ko'plab tashkilotlarning zimmasida jahonda u yoki bu dinning mutlaq hokimiyatini o'rnatish, u yoki bu g'oya asosida dunyoni qayta tuzish yo'lida berilgan millionlab qurbonlarning mas'uliyati va gunohi yotibdi. O'z davrida Amerikada irqchi va o'ta terrorchi guruhlar harakatda bo'ldi. Ovrupo mamlakatlari juda ko'plab terrorchi tashkilotlarning zo'ravonlik harakatlari sahnasiga aylandi. Gretsiyada - «17 noyabr» guruhi, Olmoniyada - Qizil Armiya Fraktsiyasi (lotincha RAF) va yangi natsistlar, Ispaniyada – ETA, Italiyadagi «Qizil brigadalar» va boshqa ko'plab terrorchi tashkilotlar kishilarni terror va zo'ravonlik bilan qo'rqitish, hech qanday gunohsiz, himoyasiz odamlarni vahshiylarcha o'ldirish bilan o'zlarini dunyoga tanitishga urindilar. Hozirgi dunyoda shart-sharoitlarning shiddat bilan rivojlanib borishi terrorizm mohiyatini ham o'zgartirib yubordi. U yangi-yangi vositalar va texnologiya yutuqlaridan foydalanib, kun sayin o'zining qabih va dahshatli kurashi usullarini kuchaytirib boryapti. Ommaviy aloqa vositalari, internetning global tarmog'i terrorchilarning qamrov doirasini ancha kengaytirdi va ularning qonli hamda vahshiy rejalarini amalga oshirishga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Lekin shuni alohida ta'kidlamoq kerakki, u yoki bu qotillik va vahshiylikni amalga oshirgan terrorchilarning nas-roniy, musulmon yoxud yahudiy bo'lishlari jamiyat a'zolariga o'sha din to'g'risida nojoiz fikr va xulosalar chiqarish huquqini bermaydi. Hatto bu hayvonsifat kimsalarning qaysi dinda ekani to'g'risidagi savolnoma bandida «musulmon», deb yozib qo'yilgan bo'lsa ham, ular qilgan jinoyatga «Islom terrorchiligi», deb yorliq yopishtirilishi to'g'ri emas. Xuddi shuningdek, terrorchi o'zini «xristian», deb atasa, «xristian terrorizmi» yoki terrorchi kimsa o'zini «yahudiy», deb e'lon qilsa, «yahudiy terrorizmi» deyish ham mumkin emas.
Zotan birorta ham haqiqiy iymonli kishi, qaysi dindaligidan qat'iy nazar, o'z aqidasi yo'lida begunoh odamlarni o'ldirmaydi. Shuni unutmaslik kerakki, N’yu-York va Vashingtondagi terroristik harakat chog'ida o'ldirilgan odamlar orasida nasroniylar ham, yahudiylar ham, ayni paytda musulmonlar ham bor edi. Insonlarni nohaq o'ldirish ulkan gunoh hisoblanadi va ana shu gunohkor do'zaxning dahshatli azoblariga manguga duchor bo'ladi. Parvardigorining beradigan jazosi va azoblaridan qo'rquvchi chin iymon egalari bunday yovuzlikka har qanday holatda ham qo'l urmaydilar.
Ana shunday qabih vahshiyliklarni amalga oshirganlar o'zlarining dinga qattiq e'tiqod qo'yganlari haqida qanchalik lof urmasinlar, aslida bu ishlarni odamlar qalbidan din-iymonni yo'qotish uchungina qiladilar. O'z-o'zidan ravshanki, ularning maqsadi ilohiy dinni haqoratlash, odamlarni undan chetlashtirish va ularning qalbida iymonli odamlarga nisbatan nafrat va g'azab uyg'otish, xolos. Mohiyatiga ko'ra, gunohsiz odamlarga nisbatan go'yoki «din yo'lida» amalga oshirilgan har qanday zo'ravonlik va zulm ilohiy din ustidan zulm hisoblanadi.
Alloh taolo iymon egalariga sevgi, rahm-shafqat va tinch-lik-osoyishtalikni buyuradi. Terror esa iymonning g'irt aksidir. U o'z oldiga berahmlik, shafqatsizlik, zulm, qotillik va azob-kulfatlarni maqsad qilib qo'yadi. Shuning uchun barcha terrorchilik harakatlarining manbaini xudojo'ylik va iymondan emas, dahriylik hamda bid'atdan axtarish kerak. Bunday holatlarning ildizini fashizm, kommunizm, irqchilik va moddiyunchilikning boshqa shakllari targ'ib qilingan jamiyatlarda ulg'aygan kishilar orasidan izlash darkor. Terrorchilarning ma'lum ismlari hech qanday ahamiyatga ega emas. Agar inson sovuqqonlik bilan begunoh kishilarni o'ldira olibdimi, demak, u iymonli emas, u xudosiz. Bu kimsalar Alloh taoloning jazo-azoblaridan qo'rqmaydigan bo'lib qolgan, ularning yagona maqsadi qon to'kish va odamlarga kulfat-alam keltirish. Shunday ekan, bugungi kunda xalqaro matbuotda tez-tez uchrab turgan «islom terrorizmi» haqidagi da'volar, «yahudiy terrorizmi» yoki «xristian terrorizmi» tushunchalari kabi noto'g'ri va asossizdir. Zero, Islomda ham, boshqa ikki samoviy dinda ham terrorga yoki odamlar ustidan boshqa shakldagi zo'ravonlikka o'rin yo'q. Buning ustiga biz «terror» deb atayotgan harakatlar (ya'ni, hech qanday gunohsiz kishilarga qarshi qilinayotgan jinoyatlar) Islomda ulkan gunoh hisoblanadi va har bir musulmon ana shunday harakatlarga yo'l qo'ymaslik, yer yuzida tinchlik, osoyishtalik va adolat o'rnatish uchun Alloh taolo oldida mas'uldir.
Horun Yahyo, “Islom terrorni la’natlaydi” forum.islom.uz/smf/index.php?topic=8934.0;wap2
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев