Unda mamlakatimiz hududida yuridik va jismoniy shaxslar uchun marketingning ko‘p darajali tizimi – tarmoqli marketingdan foydalangan holda chakana savdo qilishning huquqiy tartibi belgilab berildi. Qarorda tegishli idoralarga yurtimiz hududiga tovarlar noqonuniy yetkazib berilishi, transportda tashilishi va “tarmoqli marketing” shaklida sotilishini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik ishlarini kuchaytirish belgilangan. O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur tizim xodimlari soliq, prokuratura, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish organlari bilan hamkorlikda qaror ijrosini ta’minlash, mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotir. “Moliyaviy piramida” yaratish, sifati past tovarlarni sotish va pirovard natijada aholi hisobidan noqonuniy boyish hisoblangan faoliyatning salbiy oqibatlari to‘g‘risida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ta’kidlash joizki, hukumatimiz qarorida tarmoqli marketing yo‘li bilan chakana savdo qilishga oid qoidalar belgilab berildi. Jumladan, tarmoqli tashkilot tomonidan tovarlarni sotuvchi agentlar orqali sotish ular o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida naqdsiz hisob-kitob bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda tarmoqli tashkilot ulgurji savdo qilish uchun litsenziyaga ega bo‘lishi kerak. Endilikda tarmoqli marketing yo‘li bilan chakana savdo qilish sotuvchi agentlar tomonidan turg‘un savdo shoxobchalarida amalga oshiriladi. Sotuvchi agentlar turg‘un savdo shoxobchalaridan tashqarida – uyga buyurtmalar qabul qilish, muassasalar, tashkilotlar, korxonalarda, transport yoki ko‘chada savdo qilish orqali potensial xaridorlar bilan ishlashda tovarlarni xarid qilishga qiziqmaydigan iste’molchilarga tovarlarni zo‘rlab tiqishtirmasligi kerak. Sotuvchi agentlar tomonidan buyurtmalar qabul qilinganda, bu ikki nusxadagi blankada rasmiylashtiriladi. Unda sotuvchi agent va xaridorga oid hamda sotiladigan tovarning nomi, narxi, miqdori va umumiy qiymati kabi ma’lumotlar aniq kiritiladi. Buyurtma blankasining birinchi nusxasi xaridorga beriladi, ikkinchi nusxasi sotuvchi agentda saqlanadi. Sotuvchi agent tovarlarni taklif qilishda ularni ishlab chiqaruvchilar, kelib chiqish joyi, sifat tavsiflari, biror-bir cheklashlar bor-yo‘qligi va qo‘shimcha to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xaridorga to‘liq ma’lum qilishga majburdir. Xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari orqali bioaktiv qo‘shimchalar, dori vositalari va tibbiy maqsaddagi buyumlarni tarmoqli marketing yo‘li bilan sotuvchi agentlar orqali sotish taqiqlanadi. Tadbirkorlik faoliyati sub’ekti hisoblanmagan jismoniy shaxslar orqali, xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari orqali tarmoqli marketing vositasida import tovarlarni olib kelish va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sotuvchi agentlarning iste’molchilardan to‘lovlarni qabul qilishi faqat fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalaridan va to‘lov terminallaridan foydalangan holda turg‘un savdo shoxobchalarida amalga oshiriladi. Tarmoqli tashkilotlar va ularning sotuvchi agentlari tomonidan tovarlarni sotishdan olingan barcha naqd pul tushumlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bankka inkassatsiya qilinishi kerak. Tarmoqli tashkilot o‘z faoliyatida sotib olingan tovarlar sotuvchi agent tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat naqdsiz hisob-kitob bo‘yicha sotilishiga, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda soliq, moliya hisoboti taqdim etish tartibiga rioya qilishi zarur. 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarini sotuvchi agentlar sifatida jalb etish taqiqlanadi. Belgilab berilgan bunday qoidalar mamlakatimizda aholi salomatligini asrash, iste’molchilar manfaatini muhofazalash, tarmoqli marketing tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi.
http://www.odnoklassniki.ru/group/56142547910691
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1