Hilola opa bugun vaqtli turdi. Homilador qizi Lobarni
shahardagi kasalxonaga olib bormoqchi edi. “Lobar, tezroq
kiyin, ertaroq bormasak, kasalxonada navbat ko‘payib ketadi”
– deb qizini shoshtirgan bo‘ldi. Ona-bola kasalxonaga kirib
kelishganida soat 10 dan oshgan edi. Kasalxona koridori
navbat kutib o‘tirgan ayollar bilan to‘la edi. Hilola opaning
hayolidan, bu ketishda peshingacha ham navbat kelmaydi,
degan gap o‘tdi. Qiziga – “Sen o‘tirib tur” – deb kasalxona
hovlisiga chiqdi. Sumkasidan telefonini chiqarib tanishi
Jahongirga qo‘ng‘iroq qildi.
- Jahongir, kasalxonaga kelgandik, juda navbat ko‘p ekan,
haligi tanish doktoringizga telefon qilib tayinlab qo‘ying, bizni
navbatsiz chaqirib olsin.
- Opa, axir necha marta yordam beraman? O‘tgan gal ham
shunday qilgan edingiz. Bilasiz, bunaqa ishlarni yomon
ko‘raman. Axir, navbat kutib soatlab o‘tirganlar bor. Ularga
nisbatan hurmatsizlik-ku bu!
Hilola opa yalinavergach, Jahongir bu so‘nggi marta ekanligini
ta’kidlab, rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi. Tanish doktorga telefon
qilib Hilola opaning familiyasini berdi. Ichida doctor uning
iltimosini rad etishidan umidvor edi.
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas kasalxona koridorida Hilola
opaning familiyasi yangradi va u qizini yetaklab doktor
qabuliga kirib ketdi. Odamlarning norozi nigorlariga javoban:
“Qo‘lingdan kelsa, sen ham shunday qil” deganday ko‘zlarini
suzib qo‘ydi.
Keyingi hafta Hilola opa ish bilan bankga kirdi. Qarasa, yana
navbat. Odatdagidek Jahongirga telefon qildi. Lekin, ming
urinsa ham u bilan bog‘lana olmadi. Nailoj navbat kutib o‘tirdi.
Bir soat deganda navbat kelib, endi kirishga shaylangan edi
ichkaridagi odam kimningdir familiyasini aytib chaqirdi.
Familiyasini eshitgan odam eshik tomon kela boshladi. Hilola
opa yig‘i aralash: “Axir, men bir soatdan beri navbatda
turibman” – dedi. Haligi odam esa eshikni yopar ekan, unga
bir qarab qo‘ydi. Notanish odamning nigohlaridan opaga
tanish bir gapni o‘qish mumkin edi: “Qolingdan kelsa, sen ham
shunday qil!”.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев