”🔹
Birgina nigohi, hattoki sukuti ham "gapiradigan" bunday aktyorlar sanoqli. Shuning uchun ham bu aktyordan tomoshabin katta-katta xarakterli rollarni kutadi. Aktyor uchun muvaffaqiyatning kaliti bo'lgan barcha imkoniyatlarga ega bo'lgan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov bugungi suhbatdoshimiz...
— Fe`lingizdan kelib chiqsak, rol talashadigan aktyor emassiz, yo yanglishdimmi?
— Rejissyorni urib bo`lsa ham o`zimga yoqqan rolni o`ynayman (kuladi). Agar istagan rolini ijro etmasa, ijodkor nega “aktyorman” deb yuribdi? Sahna — mardi maydon. Ikkita dublyordan qay birining ijrosi zo`r bo`lsa, marra o`shaniki. Yo`qsa, sog`lom raqobatsiz rivojlanish bo`lmaydi.
— Behzod Muhammadkarimovning Zaynab Sadrievaning “Farmonbibi”, Obid Yunusovning “O`tkuriy”sidek roli qani?
— Unday rollar har doim hamma aktyorga ham nasib etavermaydi. Aslida “Parvona”, “Kelinlar qo`zg`oloni” spektakllarining qo`lyozmasini u qadar yoqtirmayman. Lekin ijodiy guruh, rejissyorning mehnati, mahorat, topilmalar bilan to`ldirilib, zo`r asar sahnalashtirilgan. Shaxsan men maroq bilan ko`raman. O`z rolingga ega bo`lish — omad. Menga esa bunday shohona rol hali nasib etganicha yo`q.
Lekin chiqmagan jondan umid (kuladi), hali bunday rollar ijro etishga ulguraman.
Kinoning imkoniyati katta-da. Yangi filmni respublika miqyosida namoyish etish mumkin. Spektakl esa bunday emas. Ijodga aloqador barcha yo`nalishlarda parallel ravishda faoliyat yuritishga harakat qilaman. Nazarimda, bu borada tarozining pallasini teng ushlashning uddasidan chiqyapman. To`g`ri, bu qiyin jarayon — uyqusiz tunlar, hamma ishga vaqtni to`g`ri taqsimlash degandek (kuladi)... “Tinchgina teatrda ishlab yuraveray”, deydigan aktyorlar ham bor. Lekin unday yurishni istamayman.
— “Ikki kemaning boshini tutgan g`arq bo`lur”, degan naql ham bor. Sizning “qayiq”laringiz esa bir nechta...
— To`g`riku-ya, lekin yo`nalish bitta. Kinoda ham, teatrda ham aktyor rol ijro etishi kerak. Dublyajda esa aktyor qatnashishi kerak. Qolaversa bularning bari aktyorning mahoratini charxlab boradi. Teatr aktyorning aqlini ishlatishga, “forma”da yurishga majbur qiladi. Kino teatrda yig`ilgan tajribalarni ekran orqali ko`pchilikka ko`rsatishga xizmat qiladi. Dublyaj nutqni ravonlashtiradi va kino, teatrda nasib etmagan “xarakter”ni ijro etishga imkon beradi. Radioda esa ovoz bilangina holatni tinglovchiga etkazib berishingiz kerak. Ijodkorga hamma yo`nalishdagi faoliyat muhim. Institutda o`qib yurgan kezlarim “Xudo xohlasa, kelajakda dublyajdan teatrga, u erdan kino, radioga yugurib, nafas rostlashga vaqtim bo`lmasin”, deb niyat qilardim. Niyatda gap ko`p ekan, yetkazganiga shukr! Uyda o`tirib “Qachon biror rejissyor filmiga chaqirib qolarkin?” deyishdan o`zi asrasin. Undan ko`ra teatr, kino, dublyaj rejissyorlaridan uzr so`rab, shoshib yurishdan qo`ymasin (miriqib kuladi).
— Aslida olqish, mashhurlikdan rohatlanasizmi yo jarayonning o`zidan...
— Yashirmayman, avvallari olqish, mashhurlikka o`ch edim. Hozir esa bularga oddiy ko`z bilan qarayman. Qaytgach, kibrim yo`qoldi. Ishimni sifatli bajarish haqida qayg`uradigan bo`lib qoldim. “Menga reklama kerak emas”, desam hamkasblarim g`alati qarashadi. Bir kunlik shon-shuhratning menga keragi yo`q.
— Har bir ijodkor taniqli emas, sevimli bo`lishni orzu qiladi. Sizni yaxshi ko`rishlarini istaysizmi yo tushunishlarini?
— Qahramonimning dardini “aytganimda”, meni tushunishlarini istayman. Hayotda ko`z tegmasin, hamkasblarim meni doim tushunib, hamfikr bo'lib kelishgan. To`g`ri, ijodkorlar orasida “raqobat”, bahs, mayda gaplar bo`ladi. Menga nisbatan shunday munosabat bo`lganida, demak, yaxshi ishlayotgan ekanman, deb xursand bo`laman. Jimjitlik bo`lib qolsa, xavotirga ham tushib qolaman (kuladi). Kasbimizning yaxshi tomoni — istalgan yoshda “davr”ingiz kelib qoladi va necha yoshda bo`lmang, ijro etishga rol topiladi. Shaxsan mening “davr”im endi keladi (kuladi).
(Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan intervyularidan olindi.) 📽️📝
🎧 T.me/dublyaj_qirollari 📺
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев