“Ota qargishi misoli o’q — u oxiratda emas, shu dunyoning o’zida nishonga tegadi”
Buxorolik 100 yil yashagan temirchi Usto Amin boboning o’gitlaridan”
Bugun lagerimizga yangi mahbuslarni olib kelishdi. Ko’rinishidan ularni yangi deb bo’lmasdi. Egnilaridagi kiyimlariga, slka va tizzalaridagi raqamlarga qaraganda, ko’p yillardan beri lagerdan-lagerga ko’chib yurgan daydi mahbuslar ekanini darrov payqash mumkin edi.
Odatda, yangi kelgan mahbuslarning oyog’ida yangi etik, yangi botinka, egnida ohori to’kilmagan kostyum yo gimnastyorka bo’lardi. Lagerimizning blatnoy-zo’ravonlari ularning egnidagi kiyimlarni ko’rishlari bilanoq o’zaro taqsimlab olardilar. Oradan biron hafta o’tib, o’sha kiyimlarni blatnoylarning egnida ko’rardik.
Bu galgi etapda kelganlar zo’ravonlarimizga yoqmadi. Har biri o’n-o’n besh yillab SSSRning jamiki lagerlarida yashab, qirriq bo’lib ketgan, nainki birovga o’z kiyimini beradigan, aksincha, birovlarnikini qiyqirtirib yechib oladigan, beti qattiq mahbuslar edi.
Soldatlar, lager nazoratchilari ularni bitta-bittalab sanab, yuvilaverib rangi unniqib ketgan kulrang kurtkalaridagi, shimlaridagi raqamlarni tekshirib o’tkaza boshladilar. Shunda mahbuslardan bittasi menga juda tanish tuyuldi. Uning g’amgin va lekin loqayd ko’zlari... Qaerda ko’rganman uni? Tanish, juda tanish!
Oldi tikanli sim bilan to’silgan barakda yangilarni bir necha kun karantinda saqlaydilar. Hozircha ularni boshqa mahbuslarga qo’shmaydilar. Ovqatni ham paqirda oborib beradilar.
Bahorning iliq-issiq kunlari edi. Yangilar yalang’och bo’lib barak oldidagi maydonchada chalqancha yotib, badanlarini oftobga toblardilar. Ular Shimol lagerlarida oylab oftob ko’rmay, ranglari siniqqan kishilar edi. Ularni bir-ikki oygina yoz bo’ladigan, oftob esa tuman orasidan xuddi doka orqasiga yoqilgan shamdek xira ko’rinadigan, bizda bahor oftobi charaqlab turgan shu kezlarda ham qish bo’ronlari uvillab turgan joylardan olib kelishgan. Bu mahbuslar uchun Jezqozg’on eng yaxshi kurortlardan ham afzal edi. Yalang’och yotganlarning badanida igna sanchib yozilgan so’zlar, turli sharmsiz suvratlar, birida «tuqqan onamni unutmayman» degan yozuv bo’lsa, boshqasining ko’kragida karta, ayol kishining rasmi bilan bir shisha aroq tasvirlangan. Tagida: «Mana shular bizni xarob qildi», degan yozuv bor. Deyarli ko’pchiligining ko’ksida yalang’och ayollarning turli holatdagi suvratlari bor edi. Bu manzara qamoqxonadagi «rassom»larning asarlari namoyish qilinayotgan ko’rgazmaga o’xshardi.
Menga tanish tuyulgan maxbus esa negadir yechinmay, kiyim-boshi bilan oftobda yotardi.
Kim u? Ko’zimga juda issiq ko’rinyapti. Borib o’zidan so’rasammikan? Buning imkoni yo’q. Soqchilar, nazoratchilar ularga yaqin yo’latmaydi.
Mendan sal narida yoshi yetmishlardan oshgan, umrining o’n besh yildan ortig’ini lagerlarda o’tkazayotgan Olimjon domla ham ularga ma'yus qarab turibdi.
Domla g’alati odam edi. U hech kim bilan sirlashmasdi. Birovga na dardini aytardi, na quvonchini. Ko’pchilik uni orqavorotdan «indamas domla» deb atardi. U yaxshilikka ham, yomonlikka xam birdek loqayd edi. Ammo uning hozirgi holati boshqacha. Oftobda yalang’och yotganlarga qarab ichi yonib, kuyib, o’rtanib ketayotgani shundoqqina bilinib turardi. Zimdan unga ko’z tashlayman. Uni hech qachon bunday alpozda ko’rmagandim. U yig’lardi. Ko’zlaridan oqqan yosh soqollariga tomardi. Domla qimirlamas, har kiprik qoqqanda mijjalarida to’planib qolgan yosh duv to’kilardi.
Nazoratchi kelib sim to’siqning beriyog’ida to’planib qolgan tomoshabin mahbuslarga, ketinglar, deb buyurdi.
Maxbuslar nari ketishdi. Domla ham yoshli ko’zlarini kaftiga artib, boshini egganicha ketdi.
Men lagerda rassom edim. Bir vaqtlar rassomlik maktabida o’qiganim yashash, ishlash qiyin bo’lgan bu joylarda asqotdi. Vazifam — mahbuslarning kiyimlariga raqam yozish, jez konida ishlab qaytgan brigadalarning qancha ruda qazib chiqarganini katta-katta plakatlarda aks ettirish va ularni lagerning ko’rinarli joyiga ilib qo’yish edi.
Davomi bor..
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев