Daralarga qamab qo‘yib
bo‘ronlarni,
Tinchlatirsam yurakdagi suronlarni.
Bir erkalab, bo‘yin to‘ksam
rayhonlarning,
Huzuringga men o‘zimni
keltursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim,
termulsaydim.
Umr tushdek izsiz, shitob o‘tayotir,
Umidimni yanchib, mutab o‘tayotir.
Oy iqida shoshqin oftob o‘tayotir,
Shul hajrni men vaslga
yetkursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim,
termulsaydim.
Ehromlar ham bir kun turob bo‘lar
ekan,
Koinot ham to‘zg‘ib, xarob bo‘lar
ekan.
Faqat sevgi mangu va sof bo‘lar
ekan,
Bilganimni endi senga bildirsaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim,
termulsaydim.
Ko‘z yoshlarim, shoshilmangiz,
ketmang toshib,
Qon yurakka malham bo‘lar sho‘r
ko‘z yoshi.
Quvonchlardan kechib,
qayg‘ulardan qochib,
She’rlar aytib, yig‘latsaydim,
kuldirsaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim,
termulsaydim.
Aytgil, hamon bormi shirin
arazlaring?
Salomatmi orzularing, havaslaring.
Qulog‘imdan ketgani yo‘q
nafaslaring...
Seni yana bir ko‘rishga
ulgursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim,
termulsaydim.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев